Bolalar milliy tibbiyot markazi rasman jahon miqyosida tan olingan tibbiyot muassasaslari qatoriga qo‘shildi
2024 yilning mart oyida Bolalar milliy tibbiyot markazi tibbiy yordam sifati va xavfsizligining xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha sermashaqqatli jarayonni tugatib, dunyodagi eng nufuzli akkreditatsiya tashkiloti hisoblangan Xalqaro Birlashgan Komissiya (Joint Commission International) standartlarining akkreditasiyasini oldi.
Prezidentimiz tashabbuskorligida barpo etilgan va O‘rta Osiyoda o‘xshashi bo‘lmagan Bolalar milliy tibbiyot markazi 2020 yilda yirik ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. Kuni kecha ushbu markaz xizmatlarning mukammal sifati sari intilishga asoslanib, faoliyat yuritayotganiga hali 4 yil to‘lmagan ushbu markaz CERT International sertifikasiyasi organidan xalqaro sifat sertifikatini olishga musharraf bo‘ldi.
Bugun bolalar milliy tibbiyot markazi (JCI) tantanali ravishda qabul qilib oldi. Ushbu tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farrux Sharipov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili janob Kuk Chang Xyon, Koreya Xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH)ning O‘zbekistondagi vakili Xeeun Kim va bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov boshchiligidagi xodimlar ishtirok etishdi.
Aytish joizki, ushbu standartlar tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, bemorlarga maksimal tarzda xavfsiz va samarali yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq va jahon sog‘liqni saqlash tizimida yirik tibbiyot kompaniyalari uchun “oltin standart” hisoblanadi.
JCI standartlari eng murakkablaridan hisoblanadi, chunki nafaqat tibbiy qismni, balki umuman tibbiyot muassasining butun ishini, jumladan, xaridlar jarayonini, yong‘inga qarshi va texnik xafvsizlikni, katta, o‘rta va kichik tibbiy, hamda boshqaruv xodimlari ishini qamrab oladi.
JCI auditorlari o‘z tekshiruvlari doirasida standartlashtirishning bir nechta tizimlari bo‘yicha axborotga va malakaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlik darajasini baholadilar: bemorga qaratilganlik standartlari va tibbiyot muassasasini boshqarish standartlari:
- Bemorlarning xavfsizligi bo‘yicha xalqaro maqsadlar;
- Davolashning erishimliligi va izchilligi;
- Bemor va oila huquqlari;
- Tibbiy yordam ko‘rsatish;
- Anesteziya va jarrohlik bo‘limi;
- Menejment va dori-darmonlardan foydalanish;
- Sifat va bemorning xavfsizligini oshirish;
- Infeksiyalar profilaktikasi va nazorati;
- Binolar menejmenti va xavfsizlik;
- Personalni malakasi va ma'lumoti.
Ko‘proq darajada tashkiliy masalalarga yo‘naltirilgan texnik va boshqa standartlar bo‘yicha muvofiqlikni tekshirish ham davolash natijasini yaxshilashga qaratilgan.
Xalqaro Birlashgan Komissiya (JCI) o‘zining yuqori espertli bahosini berib, Bolalar milliy tibbiyot markazini O‘zbekiston uchun ariza bergan tibbiyot muassasalari ichida eng yosh jo‘shqin rivojlanayotgan davlat tibbiyot muassasi deb tan oldi.
Aytish joizki, Bolalar milliy tibbiyot markazi O‘zbekistonda JCI sertifikatiga ega bo‘lgan birinchi va yagona davlat tibbiyot muassasi hisoblanadi. Bu o‘z o‘rnida mahalliy aholi va yer sharining har qanday nuqtasidan kelgan bemorlar uchun yetakchi xorijiy klinikalar darajasidagi samarali tibbiy xizmatni olishga kafil bo‘lib xizmat qiladi.