Vrachlarni klinik ordinaturada o‘qitish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan vrachlik mutaxassisliklari nomenklaturasi bo‘yicha, mutaxassisga qo‘yiladigan ixtisoslik talablari asosida tuzilgan har qaysi mutaxassislik bo‘yicha o‘quv rejasi va o‘quv dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Klinik ordinatura bitiruvchilariga o‘qish jarayonida olingan mutaxassislik bo‘yicha amaliy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.
O‘qish jarayoni davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Klinik ordinaturaga tayanch oliy tibbiy ma'lumot vrachlar, shuningdek ilgari klinik ordinaturani yoki magistraturani tamomlagan hamda ixtisosidan tashqari ikkinchi mutaxassislikni olishni xohlagan mutaxassislar qabul qilinadi.
Vrachlarni ikkinchi tor mutaxassislik bo‘yicha klinik ordinaturaga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Klinik ordinaturaga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlov sinovlari yiliga bir marta, qoidaga ko‘ra, avgustning oxirgi 10 kunligida o‘tkaziladi.
Klinik ordinaturaga qabulni o‘tkazish uchun respublika ommaviy axborot vositalarida tanlov e'lon qilinadi, arizalar berish muddati e'lon chop etilgan kundan boshlab kamida 30 kun.
Tanlov komissiyasining xulosasi asosida klinik ordinaturaga qabul qilish muassasa rahbarining buyrug‘i bilan har yili 10 sentyabrgacha amalga oshiriladi.
Klinik ordinaturada o‘qitish kunduzgi shaklda, asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi.
O‘qitish muddati, qoidaga ko‘ra, kamida 2 yilni tashkil qiladi va mutaxassisning malaka tavsifnomasini hisobga olgan holda tuzilgan o‘quv dasturi bilan belgilanadi.
Klinik ordinaturadagi o‘qish muddati mutaxassislik bo‘yicha vrachlik mehnat stajiga qo‘shiladi.
Klinik ordinatorlar o‘qitish vaqtida vrachlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarni bajarishga jalb etilishi mumkin emas.
Klinik ordinaturani muvaffaqiyatli tugatgan shaxslarga guvohnoma belgilangan beriladi, u olingan vrachlik mutaxassisligi bo‘yicha kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradi.
Guvohnomada mutaxassislikni o‘zlashtirish darajasining o‘rtacha umumiy bahosi ko‘rsatiladi.
O‘qitishning ikkinchi yilidagi ta'lim dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan klinik ordinatorlar rahbarlarining yozma tavsiyanomasi asosida mehnat shartnomasi bo‘yicha soha bo‘limlarida tungi navbatchilik qilish yoki o‘qishdan tashqari vaqtda mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqiga egadirlar.
Klinik ordinatura
Hits: 2043