ixtisoslashtirish kurslari haqida

Quyidagilar vrach kadrlarni qayta tayyorlashning asosiy turlari hisoblanadi:
-birlamchi ixtisoslashtirish — vrachlarni qayta tayyorlash turi bo‘lib, qoidaga ko‘ra, turdosh vrachlik mutaxassisligini olish va keyinchalik tegishli kasbiy faoliyatni bajarish maqsadida kasbiy bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi;
-qo‘shimcha ixtisoslashtirish — qo‘shimcha (mavjud asosiy ixtisosga qo‘shimcha) vrach mutaxassisligini egallash maqsadida yangi kasbiy bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan vrachlarni qayta tayyorlash turi hisoblanadi;
-klinik ordinatura — kadrlarni qayta tayyorlash tizimiga kiradigan ta'lim turi bo‘lib vrachlarning uzluksiz kasbiy ta'limi ko‘p pog‘onali tuzilmasining bir qismi hisoblanadi.
Shaxs vrachlik mutaxassislaridan birini olganligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lganda, mutaxassislik bo‘yicha kamida 2 yil ish staji mavjud bo‘lganda birlamchi ixtisoslashtirishdan o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.
Birlamchi ixtisoslashtirish muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda vrachlarga o‘tilgan soatlar soni ko‘rsatilgan holda:
-faqat bazaviy oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lgan shaxslar uchun — sog‘liqni saqlashning ambulator bo‘g‘inida klinik ixtisoslikdagi mutaxassisning bo‘sh lavozimini egallash;
-magistratura, klinik ordinatura yoki boshqa klinik mutaxassisliklar bo‘yicha internaturani tamomlagan shaxslar uchun — ham sog‘liqni saqlashning ambulator, ham stasionar bo‘g‘inlarida qo‘shimcha egallangan mutaxassislik bo‘yicha mutaxassisning bo‘sh lavozimini egallash huquqini beradigan belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Magistratura, klinik ordinatura yoki internatura orqali asosiy mutaxassislikka ega bo‘lgan vrachlar qo‘shimcha ixtisoslashtirishdan o‘tishga qo‘yiladi.
Qo‘shimcha ixtisoslashtirish muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda vrachlarga o‘tilgan o‘quv soatlari soni ko‘rsatilgan holda sog‘liqni saqlashning ambulator va stasionar bo‘g‘inlarida tegishli mutaxassisning bo‘sh lavozimni egallash huquqini beradigan belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Vrachlarning birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashuvi asosiy ishdan ajralgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qish sharti bilan, guruhlarda va yakka tartibda amalga oshiriladi.
Vrachlarning birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashuvining davomiyligi, qoidaga ko‘ra, 1 oydan 12 oygachani (144 — 1728 soat) tashkil etadi.
Vrachning ish stajida 3 yil va undan ortiq tanaffuslar bo‘lgan taqdirda (ijtimoiy ta'tillar, tibbiyot mutaxassisligi uchun ixtisosli bo‘lmagan ish, uzoq vaqt kasal bo‘lish, nogironlik va hokazolar) vrach o‘zining kasbiy faoliyati tiklanishidan oldin bazaviy (umumiy amaliyot vrachi, umumiy amaliyot vrachi-pedagogi, umumiy pediatr, umumiy stomatolog, umumiy gigienist-epidemiolog), oldingi yillarda uni egallaganlik to‘g‘risidagi hujjat bilan tasdiqlanadigan asosiy yoki qo‘shimcha ixtisoslikka muvofiq ixtisoslashish kurslaridan o‘tishi shart.